Bugungi kunda hujjatlar va yuklarni manzilga yetkazishda pochta va kuryerlik xizmatlari aholiga qulaylik yaratmoqda. Mazkur xizmatlar orqali xat-xabarlar, posilkalar, banderollar, paketlar yuboriladi va qabul qilinadi. Ammo ba’zida jo‘natmalar o‘z egalariga vaqtida yetib bormaydi, hatto adashib yoki yo‘qolib ketadigan holatlari ham uchrab turadi. Bu iste’molchiga qancha tashvish keltirishini ko‘z oldimizga keltirsak: yo‘l-yo‘lakay hujjatlar, xatlar, jo‘natmalarning yo‘qolishi ularni yana qayta tiklashga qaratilgan ovoragarchilikka, asosiysi ortiqcha pul sarflanishiga olib keladi. Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasiga yuborilgan murojaatlardan birida aynan shu xizmatga e’tiroz bildirilgan. Qo‘mita mutaxassislari bu borada tekshiruv o‘tkazib, murojaatchining muammosini hal qilishga bevosita ko‘maklashishgan.
Yo‘qolgan pochta jo‘natmasi uchun zararni kim qoplaydi?
Shaxboz Zaripov,
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi bosh mutaxassisi:
— Qo‘mita mazkur murojaat yuzasidan o‘rganishlar olib borganida, haqiqatan ham iste’molchi A.R. bilan kuryerlik xizmatini ko‘rsatuvchi MChJning xizmatidan foydalanish uchun shartnoma tuzilganligi va belgilangan tarif asosida xizmat haqi to‘langanligi, biroq jo‘natmada tegishli hujjatlar yo‘qolganligi ma’lum bo‘ldi.
Fuqaro bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, uning nomidan Rossiya Federatsiyasi Moskva shahrida belgilangan manzil bo‘yicha oliy o‘quv yurti nomiga kuryerlik jo‘natmasi yuborilishi va O‘zbekistondagi manzil bo‘yicha qaytarilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, belgilangan tarif asosida 685 000 so‘m to‘lov amalga oshirilgan.
Ammo shartnomada belgilangani bo‘yicha talabaning asl hujjatlari O‘zbekistonga qaytarilmagan va pochta aloqasi xavfsizligi ta’minlanmagan.
Qo‘mitamizning mazkur muammo yuzasidan yuborgan so‘rov xatiga javoban ma’lum qilinishicha, jo‘natma xizmat ko‘rsatuvchi MChJ xodimining mas’uliyatsizligi oqibatida “Moskva-Toshkent” yo‘nalishida yo‘qolgan. Keyin murojaatchiga yetkazilgan zarar O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlari talablari doirasida MChJ tomonidan qoplab berilishiga erishildi. Ya’ni, hujjatlarni qaytarishga sarflangan pullar va harakatlar evaziga 2 500 000 so‘m miqdoridagi mablag‘ pochta xizmatidan foydalanib, zarar ko‘rgan iste’molchiga to‘lab berildi.
“Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasida, ijrochi ayrim turdagi ishlarni bajarish (xizmatlar ko‘rsatish) qoidalarida yoki shartnomada belgilangan muddatda, hajmda va sifatda ishni bajarishi (xizmat ko‘rsatishi) shartligi, agar ijrochi shartnoma shartlarini ish (xizmat)ni yomonlashtirgan darajada jiddiy buzgan bo‘lsa yoxud ishda (xizmatda) boshqa jiddiy nuqsonlarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, iste’molchi o‘z xohishiga ko‘ra nuqsonlar bepul bartaraf etilishini, bajarilgan ish (ko‘rsatilgan xizmat) bahosi nuqsonlarga mutanosib ravishda kamaytirilishini, xuddi shunday sifatli shu xildagi materialdan boshqa buyum bepul tayyorlab berilishini yoxud ishning takroran bajarilishini yoinki shartnoma bekor qilinib, ko‘rilgan zarar to‘liq qoplanishini talab qilishga haqli ekanligi belgilangan.
“Pochta aloqasi” to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 26-moddasida, pochta aloqasi operatorlari va provayderlari pochta aloqasi xizmatlari ko‘rsatilmaganligi yoki lozim darajada ko‘rsatilmaganligi tufayli foydalanuvchilarga yetkazilgan moddiy zararlarning o‘rnini qonunchilikka muvofiq qoplashi, shuningdek ularga yetkazilgan ma’naviy ziyonni kompensatsiya qilishga majburligi belgilab qo‘yilgan.
Gilam sotib olgandik, RANGI O‘ZGARIB QOLDI…
Har bir inson hayot uchun zarur mahsulotlardan, tovarlar va xizmatlardan foydalanar ekan, iste’molchi hisoblanadi. Shu o‘rinda tovar va xizmatlardan foydalanish jarayonida turli holatlar yuzaga kelishi, masalan, mijozga qoniqarsiz xizmat ko‘rsatilishi yoki xaridorga sifatsiz mahsulot sotilishi mumkin. Bu jarayonda ayrimlar o‘z huquqini bilishmaydi. Kimdir indamay ko‘nikadi, kimdir asabiylashib sotuvchi yoki xizmat ko‘rsatuvchi bilan janjallashadi. Iste’molchilar o‘z huquqlarini bilsa bu masalalarni tinch yo‘l bilan hal qilish mumkin. E’tiboringizga sifatsiz gilam sotib olgan xaridor e’tirozlari va uni almashtirish bo‘yicha huquqiy asoslarni havola qilamiz.
— Xonadonimizga 20 metr gilam qoplama xarid qildik. Ammo bir haftadan so‘ng gilam gullarining rangi o‘chib, yangi holidagidan o‘zgarib qoldi. Do‘kon sotuvchisiga bu haqda telefon orqali aytganimizda almashtirib berilmasligini aytdi. Sotuvchi haqmi?
Botir ShARIPOV, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari:
— O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 75-sonli qarorida, zarur sifatdagi, qaytarib olinmaydigan yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydigan nooziq-ovqat tovarlarning quyidagi ro‘yxati keltirilgan:
- Uy sharoitlarida kasalliklarni profilaktika qilish va davolash uchun tovarlar (metall, rezina, to‘qimachilik va boshqa materiallardan tayyorlangan sanitariya va gigiena buyumlari, tibbiy buyumlar, priborlar va apparatlar, og‘iz bo‘shlig‘i gigienasi vositalari, ko‘zoynak linzalari, bolalarni parvarish qilish buyumlari, dori vositalari.
- Shaxsiy gigiena buyumlari (tish cho‘tkalari, taroqlar, soch to‘g‘nog‘ichlar, soch bigudilari, ulama sochlar, shinonlar) va boshqa shu kabi tovarlar.
- Attorlik-pardoz tovarlari.
- To‘qimachilik tovarlari (ip-gazlama, zig‘ir tolali, ipak, jun va sintetik gazlamalar, gazlama tusidagi noto‘qima materiallardan tayyorlangan tovarlar — lentalar, jiyaklar, to‘rlar va boshqalar); kabel mahsulotlari (simlar, shnurlar, kabellar); qurilish va pardozlash materiallari (linoleum, plyonka, gilam qoplamalar va boshqalar) hamda metrlab sotiladigan boshqa tovarlar.
- Tikuvchilik va trikotaj buyumlari (tikuvchilik buyumlari va trikotaj ichki kiyimlar, paypoq va qo‘lqop buyumlari).
- Polimer materiallardan tayyorlangan, oziq-ovqat materiallari bilan bog‘liq bo‘lgan, shu jumladan bir marta foydalaniladigan buyum va materiallar (oshxona idish-tovoqlari va anjomlari, oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash va tashish uchun idishlar va o‘rov materiallari).
- Maishiy kimyo tovarlari, pestitsidlar va agroximikatlar.
- Mebel (mebel garniturlari va to‘plamlari).
- Qimmatbaho toshlardan foydalangan holda qimmatbaho metallardan tayyorlangan, yarim qimmatbaho va sintetik toshlardan foydalangan holda qimmatbaho metallardan tayyorlangan buyumlar, silliqlangan qimmatbaho toshlar (mazkur qoidaning 99-bandida keltirilgan holatlar bundan mustasno).
- Avtomobillar va motovelotovarlar, ularga tirkamalar va nomerli agregatlar; qishloq xo‘jaligi ishlari uchun kichik mexanizatsiya ko‘chma vositalari; sayr qilish qayiqlari va boshqa maishiy suzish vositalari.
- Kafolat muddatlari belgilangan texnik jihatdan murakkab maishiy tovarlar (metall qirquvchi va yog‘ochga ishlov beruvchi maishiy dastgohlar; maishiy elektr mashinalari va maishiy elektr priborlari; maishiy radioelektron apparat; maishiy hisoblash va ko‘paytirish texnikasi; foto va kinoapparatlar; telefon apparatlari va faksimil apparati; elektr musiqa asboblari; elektron o‘yinchoqlar).
- Hayvonlar va o‘simliklardan tayyorlangan mahsulotlar sifatli bo‘lsa qaytarib olinmaydi yoki shunga o‘xshash tovarga almashtirilmaydi.
27,703