O‘zbekiston avtomobil sanoati rivojlanish yillaridan to bugungi kungacha yurtimizda deyarli har bir xonadonni avtomashina bilan ta’minladi. Bu soha tizimdagi ko‘pchilik xizmatchilarning daromadini oshirib, ta’minotini mustahkamladi. Ammo boshqa bozorlarda bo‘lganidek, avtomobil bozorida ham iste’molchilar va yetkazib beruvchilar o‘rtasida e’tirozlar va muammoli holatlar bo‘lib turadi. Ayniqsa keyingi paytda ma’lum muddatga shartnomalar tuzilishi natijasida xaridorlar mashinasi chiqishini kutib qolishlariga to‘g‘ri kelyapti. Ularda shu yuzasidan ko‘p savollar paydo bo‘lyapti. Bular haqida iste’molchilar huquq va imtiyozlarini ta’minlashga yordam beruvchi tashkilot mutaxassislaridan kengroq ma’lumot olishga harakat qildik.
KECHIKTIRILGAN AVTOMOBIL UCHUN “PENYA” UNDIRILDI
Azamat SOBIROV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari:
— Darhaqiqat bizga avtomobil xarid qilish jarayonlari bilan bog‘liq holatlar bo‘yicha ham murojaatlar tushib turadi. Bular iste’molchilar tomonidan sotib olingan avtomobillardagi ayrim nosozliklar yoki avtomobil yetkazib berishdagi navbatlar, kechikishlar haqida bo‘lishi mumkin.
Masalan, Xorazm viloyati Urganch tumanida istiqomat qiluvchi iste’molchi “Lasetti” rusumli avtomobilni xarid qilish maqsadida viloyatdagi “Avto-Layner Xorazm” MChJ rasmiy dilerlik tashkiloti bilan shartnoma tuzgan. Shartnoma shartlariga asosan avtomobil iste’molchiga 2022-yil 30-noyabr kuni yetkazib berilishi kerak bo‘lgan. Mashina ma’lum sabablarga ko‘ra, iste’molchiga o‘z muddatida yetkazib berilmagan va ikki tomon roziligi bilan shartnomaga qo‘shimcha kiritilib, 45 kunda mashina yetkazib berishga kelishilgan.
Lekin 45 kundan so‘ng, ya’ni 2023-yil 15-yanvar kuni avtomashina yana yetkazib berilmagan va 4 kunga kechiktirib, 19 yanvar kuni yetkazib berilgan. Bu holatdan norozi bo‘lgan fuqaro S.T. O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining Xorazm viloyati hududiy boshqarmasiga murojaat qilgan.
Xorazm viloyati hududiy boshqarmasi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilib, O‘zbekiston Respublikasi “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning 19-moddasiga asosan shartnoma shartlari buzilgan deb topilgan va “Avto-Layner Xorazm” MChJ iste’molchiga kechiktirilgan 4 kun uchun “penya” to‘lashi belgilangan.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 30-dekabrdagi 812-sonli Qaroriga asosan iste’molchi avtomobilga qilgan to‘lovidan 3 472 196 so‘m QQS qaytarib berilgan.
AGAR AVTOMOBIL NOSOZ BO‘LSA ALMASHTIRISH MUMKINMI?
— Agar xarid qilingan avtomashina zavoddan chiqishda nuqsonli (brak) bo‘lsa yoki uning biror qismi nosoz bo‘lsa nima qilish mumkin? Avtomobil yangisiga almashtirib beriladimi yoki o‘sha nosoz qismi tuzatib beriladimi?
— Agar xarid qilingan avtomobilda biror qismi nuqsonli (brak) bo‘lsa yoki biror ehtiyot qismi nosoz bo‘lsa chakana savdo qoidalarining 126-bandi Kafolat muddati mobaynida avtomobillarni almashtirish, kuzov yoki kamida ikkita agregatni almashtirish zarur bo‘lgan taqdirda, ekspert komissiyasi qaroriga ko‘ra (ushbu qoidalarning 130-bandiga muvofiq) amalga oshiriladi.
Manzura BEKJONOVA tayyorladi
48,879