2023 yil 14 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni riovjlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan “Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish: muammo va yechimlar” mavzuida konferensiya o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan 15 mart – Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni bir qator chora-tadbirlar belgilab olingan.
Mazkur konferensiyada dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar reklamasi, undagi muammo hamda yechimlar, mahsulot va xizmatlar haqidagi ma’lumotlarni iste’molchilarga yetkazishda reklama va to‘g‘ri marketing yondashuvining ahamiyati, Moliyaviy xizmatlarda iste’molchilarning huquqlari: Yevropa amaliyoti mavzularida konferensiyada fikr-mulohazalar bildirildi.
Tadbirda O‘zbekiston hamda xalqaro tashkilotlar rahbar va mas’ul vakillarining sohadagi yangilik, muammo va yechimlar yuzasidan taqdimotlari bo‘lib o‘tdi.
Shuningdek, konferensiyada “German Sparkassenstiftung for International Cooperation” (Germaniya) tashkiloti bilan hamkorlikda Oliy ta’lim muassasalari talabalari o‘rtasida tashkillashtirilgan “Moliyaviy savodxon yosh iste’molchi” onlayn olimpiadasi g‘oliblari hamda jamoatchilik nazoratida faol bloger va shaxslar ham taqdirlanishdi. Undan ko‘zlangan asosiy maqsad aholi, xususan yoshlarning huquqiy bilimi va savodxonligini oshirishdir.
Jumladan, 1962 yilning 15 mart kuni AQShning o‘sha paytdagi Prezidenti Jon Kennedi Kongressdagi chiqishida qilgan ma’ruzasida iste’molchilarning bir qator asosiy huquqlarini sanab o‘tgan edi, ya’ni tanlash huquqi; xavfsizlik huquqi; axborot olish huquqi; eshitilish huquqi. Keyinchalik, bu huquqlar qatoriga ziyonni qoplatish huquqi; iste’molchilik ta’limi huquqi; asosiy ehtiyojlarining qondirilishi huquqi; sog‘lom atrof, tabiiy muhitga egalik huquqi kiritilgan. O‘shanda iste’molchilar huquqi ilk marotaba bunday yuksak maqomda muhokama qilingan edi. Shundan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkilotining qaroriga binoan, Butunjahon Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni AQSh yetakchisi Jon Kennedining aynan shu ma’ruzasidan keyin nishonlana boshlangan.
Bu sana har yili Butunjahon iste’molchilar ittifoqi tashkiloti tomonidan ma’lum bir mavzuga bag‘ishlanadi.Masalan, joriy 2023 yilda esa 15 mart kuni “Toza energiya va mahsulotlarni iste’mol qilishga o‘tish orqali iste’molchilarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirish” shiori ostida o‘tmoqda.
O‘zbekistonda 1996 yil 26 aprel kuni mamlakatimizda “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganidan beri Butunjahon Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni nishonlab kelinadi.
Qo‘mita tomonidan joriy yilning 15 martda Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni munosabati bilan 2 bosqichdan iborat “Moliyaviy savodxon yosh iste’molchi” onlayn olimpiadasi o‘tkazildi.Unda respublikadagi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalaridan 600 nafarga yaqin talaba ishtirok etib, o‘zlarining moliyaviy sohadagi bilimlarini namoyish qildilar.
Qo‘mita tomonidan 2022 yilning o‘tgan davri mobaynida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish va reklama bozorini tartibga solish sohasida quyidagi ishlar amalga oshirildi:
Iste’molchilarning muammolarini hal qilish:
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarni himoya qilish bo‘yicha o‘tkazilgan tizimli o‘rganishlar va kelib tushgan murojaatlarga asosan jami 3 259 111 nafar iste’molchilarga 75 600,6 mln so‘m zarar yetkazilganligi aniqlanib, ularga 60 609,9 mln so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinishi natijasida 2 133 721 nafar iste’molchilarning xuquqlari tiklanishiga erishildi. Qolgan mablag‘larni iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilish va ularning xuquqlarini tiklash choralari ko‘rilmoqda.
Jumladan: Hisobot davrida iste’molchilar tomonidan o‘z huquq va manfaatlari buzilishi holatlari yuzasidan Qo‘mita va uning hududiy boshqarmalariga jami 25 644 ta (2021 yil davomida 26 249 ta) murojaatlar qilingan.
Murojaatlarning 10 277 tasi (40,1 foiz) uy-joy kommunal, transport xizmatlari, 9 596 tasi (37,4 foiz) savdo va umumiy ovqatlanish, 4 415 tasi (17,2 foiz) aloqa, moliya va ijtimoiy xizmatlar hamda 1 356 tasi (5,3 foiz) reklama munosabatlari va boshqa masalalarga to‘g‘ri keladi.
Mazkur murojaatlarning 19 905 tasi yoki 80,6 foizi (13 604 tasi qanoatlantirish va 6 301 tasi huquqiy yordam berish) ijobiy hal etilgan bo‘lib, 3 886 tasiga (15,2 foiz) tegishli tushuntirish berilgan va 939 tasi (3,7 foiz) vakolatli idoralarga yuborilgan.
Murojaatlarni ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganishlarda 83 960 nafar iste’molchilarning huquqlari buzilganligi hamda ularga 17,8 mlrd so‘mdan ortiq miqdorida zarar yetkazilganligi aniqlangan.
Aniqlangan mablag‘larning 15,9 mlrd so‘mi (89,3 foiz) iste’molchilarga qayta hisob-kitob qilinib, qolgan 1,9 mlrd so‘m mablag‘larni ularga qaytarish choralari ko‘rilmoqda. (7-jadval).
Xususan, savdo va umumiy ovqatlanish sohasida huquqlari buzilgan iste’molchilarga 5,3 mlrd so‘m miqdorida mablag‘lar naqd pul ko‘rinishida qayta hisob-kitob qilinishi, shuningdek 466 nafar iste’molchiga 2,0 mlrd so‘m miqdoridagi tovarlar qaytarib berilishi ta’minlangan.
Iste’molchilar huquqi buzilishi sabablarini tahlil qilish, ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar tayyorlash hamda iste’molchilar huquqi buzilishi holatlarining oldini olish sohasida:
Iste’molchilardan kelib tushgan murojaatlar asosida iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida turli yo‘nalishlarda 257 ta o‘rganish va tahlillar o‘tkazilgan.
Mazkur o‘rganishlar va tahlillar natijasida iste’molchilardan jami 57,8 mlrd so‘m miqdorida ortiqcha mablag‘lar olingani aniqlanib, bugungi kunda 2 049 761 nafar iste’molchilarga 44,7 mlrd. so‘m mablag‘lar qayta hisob-kitob qilinib, qolgan mablag‘larni qaytarish ishlari davom ettirilmoqda.
18,626