Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi fuqarolar murojaatlarini o‘rganish bo‘yicha doimiy tekshiruvlar olib boradi. Ushbu amaliyot natijalari va aniqlangan holatlar haqida qo‘mitaning bosh mutaxassisi Mahliyo MAXMUDOVA ma’lumot berdi.
AI-91 benzini o‘rniga AI-80 sotishgan
Yonilg‘i sifati avtomobil dvigatelining barqarorligiga bevosita ta’sir qilishini hamma yaxshi biladi. Shu bilan birga, avtobenzin markalari texnik xususiyatlariga ko‘ra bir-biridan sezilarli darajada farqlanadi.
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida yonilg‘i quyish shoxobchalarida AI-80 markali benzinni AI-91 yoki AI-92 markasi ostida sotish holatlari aniqlangan. Shu sababli, Qo‘mita tomonidan mamlakatimizning turli hududlarida xususiy korxonalarga qarashli 23 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida sotilayotgan yoqilg‘i sifatini aniqlash maqsadida nazorat xaridlari o‘tkazilgan, shuningdek, belgilangan hajmdan kam hajmlarda benzin mahsulotini quyib berish holatlari ham o‘rganildi.
Iste’molchi talab qilishga haqli
“Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi Qonunda, sotuvchi iste’molchiga o‘zi sotayotgan tovar to‘g‘risidagi zarur, ishonchli va foydalanish mumkin bo‘lgan ma’lumotlarni o‘z vaqtida taqdim etishi shartligi belgilangan.
Shuningdek, agar mahsulot to‘g‘risida noto‘g‘ri yoki yetarli darajada to‘liq bo‘lmagan ma’lumotlarning taqdim etilishi zarur iste’mol xususiyatlariga ega bo‘lmagan tovarlarni sotib olishga olib kelgan bo‘lsa, iste’molchi shartnomani bekor qilishga va unga yetkazilgan zararning o‘rnini qoplashni talab qilishga haqli. Iste’molchi shartnoma tuzish yo‘li bilan tovarni erkin sotib olish huquqiga ega bo‘lib, bu shartnomaga ko‘ra sotuvchi iste’molchiga muayyan miqdordagi va maqbul sifatli tovarni mulk qilib topshirish majburiyatini, iste’molchi esa, shartlashilgan pulni to‘lash majburiyatini o‘z zimmalariga oladilar.
Hududlardagi yonilg‘i quyish shoxobchalari faoliyatini o‘rganish natijalariga ko‘ra, benzinni noto‘g‘ri sotish, shuningdek, iste’molchilarga to‘liq hajmlarda quyib bermaslik natijasida yetkazilgan zarar miqdori qariyb 489 million so‘mni tashkil etdi. Ayni paytda Qo‘mita tomonidan iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash va qayta hisob-kitob qilish ishlari olib borilmoqda.
Sun’iy taqchillik vujudga keltirilgan
Shuningdek, Qo‘mita tomonidan birja auksionlarida xarid qilingan va yonilg‘i quyish shoxobchalari orqali sotilayotgan AI-80 markali benzin sotilishini tizimli o‘rganib chiqilayotganini ham alohida ta’kidlash lozim.
Shu tariqa, yil boshidan buyon birja savdolari orqali o‘rtacha 20 tonna, jami 5,2 ming tonna neft mahsulotlari xarid qilinganiga qaramay, 241 ta yonilg‘i quyish shoxobchalarida iste’molchilarga benzin sotilmagani aniqlandi, ya’ni sun’iy ajiotaj holati vujudga keltirilmoqda. O‘rganishlar natijalari bo‘yicha materiallar zarur choralar ko‘rilishi uchun Neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasiga taqdim etildi.
22,856