O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan va realizatsiya qilinadigan osh tuzlari albatta yodlanishi kerak. Bu mamlakatimizda yod yetishmasligi kasalliklarini oldini olishga qaratilgan tadbirlardan biridir. Sababi inson organizmida yodning yetishmasligi oqibatida qalqonsimon bez kasalliklari yuzaga keladi. Bunday tadbirlardan biri ishlab chiqarish jarayonida oziq-ovqat mahsulotlarini yod bilan boyitish hisoblanadi. Xo‘sh, ularning sifati talab darajasidami?
O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (Ma’lumot uchun: avval Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi huzuridagi Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligi) va hududiy organlari tomonidan O‘zbekiston Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, O‘zbekiston Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda jami 441 nomdagi mahsulotlar nazorat xaridlari o‘tkazilgan bo‘lib, shundan 103 nomdagi mahsulotlar amaldagi texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlangan.
Jumladan, Qo‘mitaning o‘tkazgan bunday nazorat xaridlaridan biri osh tuzlari bo‘ldi. Unda 29 nomdagi tuz mahsulotlari namunalari sinovdan o‘tkazildi. Achinarlisi, 22 nomdagi osh tuzining ya’ni, 76 foizi laboratoriya natijalariga ko‘ra amaldagi talablarga nomuvofiq deb topildi.
QAYSI OSH TUZLARIDA YOD MIQDORI KAM CHIQDI?
“Ideal” osh tuzi – “IDEAL SHARQ IMPEX” MChJ;
“Dunyo” osh tuzi – “ECO CRYSTAL” MChJ;
“Saxovat” osh tuzi -“MOHIGUL FAYZ” XK;
“Kafolat”osh tuzi – “TOSHKENT TUZ” MChJ;
“Safo” osh tuzi – “JALOLITDIN BARAKA SAVDO” MChJ;
“Ozoda-uz” osh tuzi – “ERGASH ALI GRAND KAPITAL” MChJ;
“Baraka” osh tuzi – “SOLETTI PRODUCT” MChJ;
“Oshpaz” osh tuzi – “OSHPAZ OSH TUZI” MChJ;
“Orol” osh tuzi – “MAZALI OSH TUZI” MChJ;
“Yagona ishonch” osh tuzi – “EXCLUCIVE SALT” MChJ;
“Safir” osh tuzi – “UMIDA-TRUST INVEST” MChJ;
“Zarafshon kumush tuzi”, “Salina”, “Aziya” va “Melkaya” osh tuzlari – “ZARAFSHON KUMUSH TUZI” MChJ
“Osh tuzi” va “Fayzli” osh tuzlari – “TEMURBEK TRADE” MChJ osh tuzlarida yod miqdori kamligi ma’lum bo‘ldi.
OSH TUZI QACHON ISHLAB CHIQARILGAN?
Mamlakatimizda amal qiluvchi me’yoriy hujjat O‘zDSt 1091:2017 talablariga muvofiq tuz mahsulotlari qadog‘ida quyidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart:
–mahsulot nomi, sorti va hajmi;
-yodlangan qo‘shimchaning nomi;
-tarkibidagi yod miqdori;
-netto og‘irligi (kg);
-ishlab chiqarish sanasi (kun, oy, yil);
-saqlash muddati;
-saqlash shartlari;
–mazkur standartda ko‘rsatilgan boshqa ma’lumotlar.
Ammo xarid qilingan osh tuzlaridan “Saodat” osh tuzi – “XONQA BILLUR SALT” MChJga tegishli bo‘lib, osh tuzining tashqi ko‘rinishi mazkur me’yoriy hujjat talablariga nomuvofiqligi ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, “ZAMIN AGRO OIL” MChJ tomonidan ishlab chiqarilgan “Bekajon” va “KARMANA CRISTAL SALT” MChJga tegishli “Fayzli” osh tuzlarida ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmaganligi aniqlangan. Ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan tegishi ishlar amalga oshirilgan.
Shuningdek, Qo‘mita va uning hududiy organlari tomonidan o‘z navbatida, yuqoridagi kabi tizimli o‘rganishlar davom ettirilib, iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini buzilishini oldini olish va yetkazilgan zararni qoplash choralarini ko‘rish bo‘yicha ishlar davom ettirilishi ma’lum qilinadi.
Hurmatli iste’molchilar! Oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilishda quyosh tig‘ida saqlanmaganligiga e’tibor qaratish, mahsulotning sifati, tashqi qadog‘idagi axborotlarning mavjudligi va mazkur mahsulotni muvofiqligini tasdiqlovchi hujjatlari sanitariya-epidemiologik xulosasi bilan tanishib chiqib, so‘ng xarid qilish, agarda sotuvchi tomonidan yuqoridagi axborotlar taqdim etilmasa O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining 1159 “Call markazi”iga yoki 24/7 rejimida qabul qilish imkoniyati mavjud info@antimon.gov.uz elektron pochtasiga xabar berishingiz so‘raladi.
Ma’lumot o‘rnida. Ushbu ma’lumotlar tekshiruv o‘tkazilgan kunga aktualdir.
44,964