RASMIY MUNOSABAT : Daraxtga reklama e’loni joylashtirish taqiqlanadi
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi ekologuz kanalida 2022 yil 16 fevral kuni e’lon qilingan Toshkent shahar, Sergeli tumani, Sergeli-1 dahasidagi jamoat transporti bekatiga tutash hududdagi daraxtga reklama e’loni joylashtirilganligi bo‘yicha axborot (https://t.me/ekologuz) yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
O‘zbekiston Respublikasi “Reklama to‘g‘risida”gi Qonuniga muvofiq, reklama tashqi reklama va axborot ob’ektlarini (konstruksiyalarini) tashqi reklamani moddiy madaniy meros ob’ektlariga, yo‘l belgilariga va svetoforlarga, ularning tirgaklariga yoki harakatni tartibga solish uchun mo‘ljallangan boshqa har qanday qurilmaga o‘rnatish, shuningdek tutash hududdagi obodonlashtirish elementlarini buzgan holda o‘rnatish taqiqlanadi.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 20 fevraldagi “Tashqi reklama bozorini tartibga solish to‘g‘risida”gi 104-sonli qaroriga asosan, tashqi reklama va uning vositalarini daraxtlarda joylashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
O‘z navbatida, daraxtlarga shikast yetkazish kabi ekologiya sohasidagi qoidabuzarliklar uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan bo‘lib, daraxtlarni, butalarni, boshqa o‘simliklarni va nihollarni qonunga xilof ravishda kesish, shikastlantirish, yo‘q qilish yoki boshqa joyga ko‘chirib o‘tkazish uchun ma’muriy javobgarlik belgilangan.
Qo‘mita mutaxassislari tomonidan shu kunning o‘zidayoq manzilga borib, o‘rganish ishlari o‘tkazildi. Qonunchilik talablari asosida olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida jamoat transporti bekatiga tutash hududdagi daraxatlarga joylashtirilgan reklamalar ixtiyoriy ravishda olib tashlandi.
41,678