— Ba’zi sabablarga ko‘ra, samolyotga olingan chiptani qaytarishga to‘g‘ri keladi. Chiptani qaytarish chog‘ida muammoga duch kelmaslik uchun iste’molchilar nimalarni bilishlari kerak? Shu haqda ma’lumot bersangiz…
Sardor, Xorazm viloyati
Norbek Jumaniyozov, O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasimutaxassisi:
— Aviachiptalarni almashtirish yoki qaytarib topshirishning to‘g‘risida aviakompaniyalarning rasmiy veb-saytida yoki chipta sotib olayotganda aviakassadan so‘rab ma’lumot olishingiz mumkin.
Shuningdek, aviachiptangizni boshqa sanaga yoki vaqtga qayta rasmiylashtirmoqchi bo‘lsangiz, iloji boricha ertaroq uni sotib olgan joyga (masalan, aviakompaniyaga, sayyohlik agentligiga yoki aviakassaga) murojaat qiling. Ba’zan chiptangizni telefon yoki internet orqali qayta rasmiylashtirishingiz mumkin bo‘ladi, ba’zi hollarda esa hatto buning uchun pul ham talab qilishmaydi.
Aviachiptangizni almashtirganda yoki qaytarib topshirganda aviakompaniya sizga barcha pulingizni qaytarib bermasligi mumkin. Bundan tashqari, har bir chiptani ham almashtirish yoki qaytarib topshirish mumkin bo‘lmaydi, bular ayniqsa arzon, aksiyalar bilan sotib olingan chiptalarga tegishli. Qimmatroq yoki yuqori klassda bo‘lgan chiptalarni almashtirish osonroq va jarimalari kamroq bo‘ladi.
Agar siz o‘sha kuni uchib ketishingizga to‘laqonli ishonchingiz bo‘lmasa, almashtirish yanada qulay bo‘lgan shartlarga ega bo‘lgan aviachiptalarni tanlanganingiz ma’qul.
Bron bekor qilinganda…
Aviachipta bronini bekor qilish parvoz uchun tanlangan aviakompaniya uchun belgilangan qoidalariga muvofiq amalga oshiriladi. Har bir bron klassi va tariflari uchun ko‘zda tutilgan o‘z qoidalariga asosan, ushlanma va jarimalar mavjud.
Samolyot uchib ketgan bo‘lsa–chi?
Agar siz samolyotga chiqishni o‘tkazib yuborgan bo‘lsangiz, ko‘p hollarda sizga pul qaytarilmaydi yoki katta jarimani qo‘llagan holda qaytarib beriladi. Shuning uchun, kechiksangiz aviakompaniyani iloji boricha tezroq xabardor qiling. Ehtimol, siz jo‘nashdan oldin chiptani topshirishga va pulning hech bo‘lmaganda bir qismini qaytarib olishga ulgurarsiz?!
Aviakompaniyalar chiptalarni qaytarib olish va almashtirishning barcha holatlarini alohida ko‘rib chiqadi. Agar siz kasal bo‘lsangiz yoki viza berilmagan bo‘lsa, aviakompaniya sizdan konsullikdan tegishli hujjat yoki ma’lumot olib kelishingizni so‘rashi mumkin.
Sizga jarima qo‘llashi yoki qo‘llamasligi aviakompaniyaning ichki siyosatiga bog‘liq. Shuning uchun, parvoz chiptasini xarid qilishdan oldin uni qaytarib topshirish va almashtirish qoidalari va shartlari to‘g‘risida diqqat bilan tanishib chiqish lozim.
Aviachiptalarni qaytarish shartlari
Yo‘lovchi havo transportida tashish shartnomasi amal qilib turgan istalgan vaqtda — yo‘lovchi uchun joy band qilib qo‘yilgan havo kemasi parvoz qilgunicha yoki parvoz qilganidan keyin yo‘nalish manzillaridan birida havo transportida tashish shartnomasini bekor qilish va tashish uchun to‘langan summaning hammasini yoki bir qismini tashuvchining tariflarini qo‘llash qoidalarida belgilangan tartibda olish huquqiga ega (O‘zbekiston Respublikasi Havo kodeksining 104-moddasi).
Umuman yoki qisman foydalanilmagan aviachiptalar uchun pulni qaytarib berish, sotish qoidalariga ko‘ra qaytarilmaydigan aviachiptalardan tashqari, tashuvlar sotilgan mamlakatda amalga oshiriladi.
Qaytariladigan summa tashuvlar uchun dastlab qanday valyutada haq to‘langan bo‘lsa, o‘sha valyutada amalga oshiriladi. Agar yo‘lovchi chiptani dastlab sotib olgan joyga qaytib kela olmasa, summa uning ishonchli shaxsiga, yuridik rasmiylashtirilgan ishonchnoma asosida qaytariladi.
Qaytarish uchun aviachiptaning amal qilish muddati:
umuman foydalanilmagan aviachipta uchun — tashuv sotilgan kundan boshlab bir yil;
qisman foydalanilgan aviachipta uchun — dastlab rasmiylashtirilgan aviachiptada ko‘rsatilgan tashuv boshlanishi sanasidan boshlab bir yil.
Tashuvdan ixtiyoriy voz kechilganda tariflarni qo‘llash qoidalariga muvofiq tashuv ixtiyoriy rad etilganligi uchun yig‘im undiriladi. Tashuvdan majburiy voz kechilganda (aviakompaniya aybi bilan) summa hech qanday yig‘im undirilmagan holda qaytariladi.
Pokiza IDRISXON tayyorladi.
44,547