O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi kun.uz telegram kanalida 2023 yil 19 aprel kuni e’lon qilingan ayrim mahsulotlar reklamasiga bag‘ishlangan maqola yuzasidani quyidagilarni ma’lum qiladi (https://kun.uz/52020106).
O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 35-moddasiga muvofiq, ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalarining reklamasiga nisbatan qat’iy talablar belgilangan.
Qo‘mita o‘z vakolatlari doirasida ommaviy axborot vositalarida joylashtirilgan reklamani amaldagi reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga mosligi yuzasidan doimiy ravishda o‘rganish va tahlillar olib borilmoqda.
Xususan, reklama to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya etilishi bo‘yicha o‘tkazilgan o‘rganish va taxlillarda 1091 ta holatda biologik faol qo‘shimchalar reklamasida turli kamchiliklar aniqlangan va ularni bartaraf etish choralari ko‘rilgan. 16 ta holat bo‘yicha belgilangan tartibda ish qo‘zg‘atilgan.
Qo‘mitaga o‘tgan davr mobaynida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalari va oziq-ovqat qo‘shimchalari yuzasidan 585 dan ortiq murojaat kelib tushgan va Qo‘mita sa’y-harakatlari natijasida iste’molchilar foydasiga 97 mln so‘mdan ortiq pul mablag‘lari qaytarilgan.
Iste’molchilarning nomuayyan doirasi huquqlarini himoya qilish maqsadida ovqatga qo‘shiladigan biologik faol qo‘shimchalarning va oziq-ovqat qo‘shimchalari reklamasining mazmuni yuzasidan sog‘liqni saqlash sohasi mutaxassisining xulosasini olish bo‘yicha Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan.
Shu asosida, Qo‘mita tomonidan biologik faol qo‘shimchalar, malhamlar, surtmalar, balzamlar, damlamalar, shifobaxsh va ma’danli suvlarning reklamasida qayd etilgan xususiyati yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligidan 52 ta holat bo‘yicha eskpert xulosasi olingan. Olingan xulosalar asosida 103 ta holat bo‘yicha kamchiliklar bartaraf etilgan hamda reklama bozori sub’ektlariga 90 dan ortiq ogohlantirish xatlari kiritilgan.
Yuqoridagi maqolada qayd etilganlardan kelib chiqib, respublikamizda o‘zining biologik faol qo‘shimcha mahsulotini ro‘yxatdan o‘tkazgan 436 ta xo‘jalik yurituvchi sub’ektlarga ogohlantirish xatlari berildi.
Shu jumladan, maqolada keltirilgan “Honemoon”, “Turkiston-SU”, “QOMUS” mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilarga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda o‘z reklamalari mazmunini qonunchilik talablariga moslashtirish yuzasidan murojaat qilinib, ijrosi nazoratga olinganligini bildiramiz.
46,747