Yod — inson organizmining me’yoriy faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur bo‘lgan modda. U dengizga yaqin mintaqalarda tabiiy ravishda hosil bo‘ladi. Yod kam uchraydigan hududlarda esa odamlarning bu moddaga ehtiyojini yetarli darajada qoplash uchun ma’lum choralar ko‘riladi. Iste’mol tuzini yodlash ana shunday choralardan biridir. Xo‘sh, biz iste’mol qilayotgan osh tuzi talab darajasida yodlanganmi? Tuzning yodlanmaganini qanday bilsa bo‘ladi? Umuman yodlanmagan tuz iste’mol qilish nimaga olib keladi? Keling, avvalo yod tanqisligi qanday oqibatlarga olib kelishini mutaxassislar yordamida tushunib olamiz.
O‘zbekistonda tekshirilgan 29 nomdagi osh tuzidan 22 tasi talablarga nomuvofiq deb topildi.
Organizmda yod yetishmasa nima bo‘ladi?
Yorqinoy TOSHPO‘LATOVA,
oliy toifali shifokor, terapevt:
— Yod organizmdagi barcha a’zo va tizimlar ishini qo‘llab-quvvatlaydi. Bu modda tanqisligi butun tanada noxushliklarga olib kelishi mumkin. Yod yetishmasligi avvalo miya faoliyatiga zararli ta’sir ko‘rsatadi. Aqliy rivojlanishdan ortda qolish, bolalarning maktab dasturini o‘zlashtira olmasligi, intellekt pastligi, buqoq kasalligi, ovqat hazm qilish tizimidagi turli kasalliklar ko‘pincha yod tanqisligi oqibatidir.
Bundan tashqari, tirnoqlarning mo‘rtlashishi, qavat-qavat bo‘lib sinib tushishi, soch to‘kilishi, teri quruqligi, surunkali charchoq kabilar ham organizmda yod taqchilligi alomatlari hisoblanadi. Shu sababli bu kabi muammolarning oldini olish uchun butun dunyoda osh tuzini yodlash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Organizmdagi moddalar almashinuvi me’yorida bo‘lishi uchun kuniga bir choy qoshiq – 5 gramm yodlangan osh tuzi iste’mol qilish kerak.
Shifokorlar bunday ogohlantirish va chaqiriqlarni yillar davomida takrorlab kelayotgan bo‘lsalar-da ayrim tadbirkorlar osh tuzini belgilangan standartlar asosida yodlash talablariga amal qilishmayapti. Hozirda chekingan Orol qirg‘oqlaridagi va boshqa ayrim tuz konlari xususiy tadbirkorlar tomonidan realizatsiya qilinmoqda. Afsuski, ularning hammasi ham vijdon amriga quloq solishmayapti. Bu holat Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining yaqinda o‘tkazgan tekshiruvlarida o‘z isbotini topdi.
Saqlanish harorati 28 darajadan oshmasligi lozim
Umida MANSUROVA,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mutaxassisi:
— “Aholi o‘rtasida mikronutrient yetishmasligi profilaktikasi to‘g‘risida”gi Qonun asosida ovqatlanishda ishlatadigan osh tuzini yodlash nazarda tutilgan. Davlat standarti talablariga ko‘ra, iste’mol tuzi tarkibida yod miqdori tonnasiga 40 gramm miqdorda bo‘lishi belgilangan. Shu bilan birga, osh tuzi ham ma’lum haroratda saqlanishi kerak. Ya’ni uning saqlanish harorati 28 daraja issiqdan oshmasligi lozim. Nam tortib qotib qolgan, begona hidga ega bo‘lgan, muddati o‘tgan, o‘rami buzilgan osh tuzlari ham iste’molga yaroqsiz hisoblanadi.
Qo‘mitamiz tomonidan osh tuzlarining ham iste’molchilar uchun xavfsizligi va belgilangan shartlarga muvofiq tayyorlanganligi nazorat qilib boriladi. Yaqinda o‘tkazilgan tahlillarda O‘zbekistonda savdoga chiqarilayotgan 22 nomdagi osh tuzi talabga javob bermasligi aniqlandi.
22 nomdagi osh tuzi nomuvofiq deb topildi
Botir ShARIPOV,
Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi mas’ul xodimi:
— Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi hamda bir qator hamkorlar tomonidan 29 nomdagi osh tuzi namunalari ustida o‘tkazilgan sinovlar xulosasiga ko‘ra shulardan 22 nomdagi osh tuzi talabga nomuvofiq deb topildi.
Qo‘mita hamda hududiy organlari tomonidan Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi, Texnik jihatdan tartibga solish agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekistondagi jami 441 nomdagi mahsulot ustidan nazorat xaridlari o‘tkazildi. Shundan 103 nomdagi mahsulot texnik jihatdan tartibga solish hujjatlariga nomuvofiqligi aniqlandi.
Jumladan, qo‘mita osh tuzlari bo‘yicha ana shunday nazorat xaridi o‘tkazilib, tekshirildi. Bu jarayonda 29 nomdagi tuz mahsuloti namunalari sinovdan o‘tkazildi. Achinarlisi, 22 nomdagi osh tuzi, ya’ni namuna olingan tuz mahsulotining 76 foizi laboratoriya natijalariga ko‘ra amaldagi talablarga nomuvofiq deb topilgan. “Ideal”, “Dunyo”,“Saxovat”, “Kafolat”,“Safo”, “Ozoda-uz”, “Baraka”, “Oshpaz”, “Orol”, “Yagona ishonch”, “Safir”, “Zarafshon kumush tuzi”, “Salina”, “Aziya”, “Melkaya”, “Osh tuzi”, “Fayzli” nomli osh tuzlari namunalari tarkibida esa yod miqdori kam ekanligi aniqlangan.
Qadog‘ida yod ulushi yozilishi kerak
O‘zbekistonda amal qiluvchi me’yoriy hujjat – 2017 yilda qabul qilingan 1091-sonli davlat standarti talablariga muvofiq tuz mahsulotlari qadog‘ida uni ishlab chiqargan korxona nomi, tovar belgisi, mahsulot nomi, navi, maydalik darajasi, ishlab chiqarish sanasi, og‘irligi, yaroqlilik muddati hamda yod ulushi kabi bir qancha ma’lumotlar aks etgan bo‘lishi shart.
Biroq Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi tomonidan tashqi ko‘rinishida mazkur talablarga javob bermaydigan osh tuzlari ham aniqlandi. Masalan, “Saodat” osh tuzi qadoqlanishi mazkur me’yoriy hujjat talablariga nomuvofiqligi ma’lum bo‘ldi. Shuningdek, “Fayzli” nomi ostidagi osh tuzlarida ham ishlab chiqarilgan sanasi ko‘rsatilmaganligi ma’lum bo‘ldi.
Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu kamchiliklarni bartaraf etish va kelgusida yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha vakolatli organlar tomonidan tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.
Iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga, sanitar-tozalikni nazorat qilishga mas’ullar va boshqa organlar tuzlarning sifatini domimiy nazorat qilishga mas’ul, ammo aholimizning o‘zi ham iste’mol qilayotgan mahsulotining sifat talablariga mosligini ongli ravishda tekshirib xarid qilishlari, uni maqbul sharoitda saqlashlari kerak.
Osh tuzi yodlanganligini qanday bilish mumkin?
Shohida SULTONOVA, biolog:
— Toza osh tuzining ta’mi tabiiy ravishda sho‘r bo‘ladi va unda boshqa hech qanday ta’m bo‘lmasligi kerak. Tuzning rangi esa navidan kelib chiqib, oliy navli bo‘lsa oq rangda, yirikroq, birinchi yoki ikkinchi nav bo‘lganda och kulrang tusda bo‘lishi mumkin. Osh tuzida hech qanday hid bo‘lmaydi. Yodlangan osh tuzida sezilar-sezilmas yod hidi keladi.
Yodlangan osh tuzi yaroqlilik muddati 12-24 oyni tashkil qiladi. Bunday tuzni qopqog‘i yopiladigan bankada qorong‘i joyda saqlash tavsiya qilinadi. Taom tayyorlaganda tuz qaynab turganda solinsa, uning yodlanganlik darajasi 50 foizgacha pasayishi mumkin. Shuning uchun yodlangan tuz taom pishgandan keyin yoki sal sovigandan so‘ng solinsa, tuzning yodlanganlik xususiyati saqlanib qoladi.
17,164