O‘zbekiston Respublikasi Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi Nodirbek Ischanovning ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida 2023-yil 18-may kuni biologik faol qo‘shimchalarning reklamasiga oid e’tirozlari yuzasidan quyidagilarni ma’lum qiladi.
Mazkur axborotda, ijtimoiy tarmoqlarda joylashtirilgan aksariyat biologik faol qo‘shimchalarning reklamasi boʻrttiruvchi va chalgʻituvchi iboralardan iboratligi, shuningdek, iste’molchilarda ushbu mahsulotlar dorivor va davolash xossalarga ega, degan taassurot uyg‘otishi mumkinligi ta’kidlangan.
Oʻzbekiston Respublikasi “Reklama toʻgʻrisida”gi Qonunida reklama axborotlarini tarqatishga, shu jumladan biologik faol qoʻshimchalarning reklamasiga nisbatan bir qator talablar belgilangan bo‘lib, bundan maqsad – iste’molchilarni noto‘g‘ri va ishonchsiz reklamadan himoya qilishdan iborat.
Xususan, Qonunning 35-moddasiga ko‘ra, biologik faol qo‘shimchalar reklamasi iste’molchilarda ular dori vositalari hisoblanadi va (yoki) davolash xossalariga ega, degan taassurotni uyg‘otmasligi lozim.
Qo‘mita tomonidan, axborotda keltirilgan mahsulotlar ishlab chiqaruvchilariga reklama to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilishini ta’minlash hamda o‘z reklamalari mazmunini qonunchilik talablariga moslashtirish yuzasidan murojaat qilinib, ijrosi nazoratga olingan.
Shuningdek, yuqoridagi biologik faol qo‘shimchalar reklama-axborotida ishtirok etgan shaxslar bilan reklama faoliyatini, shu jumladan biologik faol qo‘shimchalar reklamasini amalga oshirishda qonunchilik talablariga qat’iy rioya etish yuzasidan qo‘shimcha tushuntirish ishlari olib borilganligini bildiramiz.
11,047